Davlat xizmatlari agentligi xodimi koronavirusdan vafot etdi

Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyatidagi xodimi koronavirusdan vafot etdi. Bu agentlik tizimidagi koronavirus bilan boog‘liq ilk o‘lim holatidir. Bu haqda agentlikning Telegram kanali xabar berdi.

“Davlat xizmatlari agentligi jamoasi Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining mas’ul xodimi Dehqonov Adhamjon Tojiboyevichning vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deyiladi agentlikning ta’ziyanomasida.

Avvalroq 12-iyul kuni Sergeli IIO FMB podpolkovnigi, 13-va 14-iyul kunlari Toshkent shahar IIBB mayori va IIV podpolkovnigi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani xabar qilingan edi. Keyinroq 13—14-iyul kunidagi o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha koronavirusga chalingani tasdiqlangan jami to‘rt nafar ichki ishlar organlari xodimi vafot etgan (birinchi o‘lim holati haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 991 kishiga yetgan. Ayni paytda 8655 nafar fuqaro sog‘aygan, 74 kishi vafot etgan. Hozirda 6263 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.