O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova koronavirusga chalindi
O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova koronavirusga chalindi, deya xabar bermoqda “Qalampir”.
Qayd etilishicha, 60 yoshli aktrisa ayni vaqtda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi shifoxonada davolanmoqda. U ushbu shifoxonaga 9-iyul kuni yotqizilgan. Nashr muxbiri aktrisaning holidan xabar olish uchun telefon orqali bog‘langanida u shifoxonada davolanayotganini aytgan.
“Allohga shukur, ahvolim yaxshi. Abdurayim Abduvahabovning vafot etganini mendan yashirishgan ekan. Hozir eshitdim. Safimiz kamayib bormoqda. Juda yaxshi aktyor, mehribon hamkasb, qadrdon ukam edi.
Bir haftadan oshdi, yangi shifoxonada davolanyapman. Avval yurak xurujini boshdan kechirgansiz, deb olib kelishdi. Holatim yomon emas. Ushbu shifoxonaning bosh vrachidan tortib, barcha xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hayotlarini xavfga qo‘yib, bemorlar salomatligi, hayoti uchun kurashmoqda”, — deydi Muqaddas Xoliqova.
Avvalroq xonanda Kaniza va “Benom” guruhi vakili Komil koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov koronavirusga chalinib, tuzalib chiqqan. Shuningdek, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi.