O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari 1-sentabrdan keyin o‘tkazilishi mumkinligi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari karantin bekor qilinganidan keyin o‘tkaziladi. Bu haqda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i “2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlari, tahlil va xulosalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Imtihonni keyinga ko‘chirish bo‘yicha taklif berilgan. Karantin cheklovlari qachon bekor qilinsa, test sinovi o‘shanda o‘tkaziladi. Agar 15-avgustda bekor qilinsa, 15-avgustdan keyin, 1-sentabrda bekor qilinsa, 1-sentabrdan keyin o‘tkaziladi”,— deb ta’kidlaydi Barno Rajabov.
Shuningdek, u imtihon o‘tkaziladigan joylar hali tasdiqlanmaganini, ammo statsionarga aylantirilgan pavilyonda imtihon o‘tkazilmasligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda OTMlarga kirish uchun 1 484 085 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 536 144 nafarini 2020-yil bitiruvchilari tashkil etadi.
Eslatib o‘amiz, ro‘yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar barcha hududlarda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, respublikaning 8 ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi.
Avvalroq onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, lekin 111 500 so‘m to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlar 21-iyul kuni soat 23:59 qadar to‘lovni amalga oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.