O‘zbekistonliklar hafta davomida haqiqiy yoz issigʻini his qilishi ma’lum qilindi

“O‘zgidromet”ning xabar berishicha, 13-iyuldan boshlab haftaning oxirigacha Oʻzbekiston hududidagi ob-havoni atmosferadagi past bosimli maydon belgilaydi. Bunday holat uchun odatda chilla davrida kuzatiladigan juda issiq havo xosdir.

Foto: “Gazeta”

Iyunning oxirida va iyulning boshida kuzatilgan nisbatan qulay haroratlardan soʻng mamlakat aholisi bu haftada respublikaga Turkmanistondan kiradigan haqiqiy yoz issigʻini his qiladi.

Shu kunlarda harorat kechasi 21-24 daraja, kunduzi 37-40 daraja atrofida boʻladi, respublika shimoli, janubi va choʻl zonasida 42 darajagacha koʻtariladi.

“Bu yoz avji uchun xos boʻlgan meʼyoriy koʻrsatkichlardan 4-6 darajaga yuqoridir, biroq bunday haroratlar bizda deyarli har yili kuzatiladi”, — deyiladi xabarda.

Mamlakatning butun tekislik qismida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat togʻli va togʻoldi hududlarda 13-iyuldan 15-iyulgacha davrda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor, yogʻingarchilik asosan kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlar rivojlanganda kuzatilishi mumkin.

Respublika boʻyicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi hamda chang koʻtarilishi mumkin.

Янгиликлар