Payariqda yashash hovlisida 77 tup kannabis o‘simligini yetishtirgan fuqaro aniqlandi

Samarqand viloyati Payariq tumanida fuqaro yashash xonadonida 77 tup kannabis giyohvand o‘simligini yetishtirib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan 2020-yil 21-iyul kuni Payariq tumanida o‘tkazilgan “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbiri davomida tumanning “Do‘stlik” mahallasida yashovchi 1976-yilda tug‘ilgan E.Q.ning yashash uyi ekin maydonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda hovlisidan jami 77 tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlangan. Ushbu o‘simliklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Payariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan E.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Farg‘onada tomorqasida kannabis o‘simligini yetishtirgan shaxs aniqlangani, Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topilgani, Qo‘qonda avtomashinasida marixuana saqlab yurgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар