Shahrisabzda II Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkaziladi
O‘zbekiston Prezidentining “II Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5443-sonli farmoyishida xalqaro tadbir joriy yilning 5—10-sentyabr kunlari Shahrisabzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyati hokimligi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh vazir rahbarligida 2020-yil 30-iyundagi II Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita majlisida nufuzli anjumanning ikkinchi marotaba o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish, xorijiy ishtirokchilarni yanada ko‘proq jalb etish va ularga maqom san’ati to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot berish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, I xalqaro maqom san’ati anjumani 2018-yilning 6—10-sentabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida o‘tkazilgan bo‘lib, unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgandi.