Shavkat Mirziyoyevning sobiq matbuot kotibi AOKAga direktor etib tayinlandi

Asadjon Xodjayev O‘zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlandi.

Foto: “XS Online”

Ma’lum qilinishicha, Asadjon Xo‘jayev 2003—2004-yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparatining yetakchi konsultanti, Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va axborot xavfsizligini rivojlantirish loyihasi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2004—2011-yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, 2011—2012-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktori, 2012—2017-yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, 2017-yilda O‘zbekiston bosh vaziri apparati mudiri, O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisi o‘rinbosari — O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati rahbari kabi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, 2020-yilning yanvarida AOKA direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov lavozimini tark etgach, o‘tgan vaqt davomida direktorning birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov agentlik direktori vazifasini ham bajarib kelayotgandi. Ayni vaqtda u direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz Avvalroq Akmal Burhonov 14-iyuldagi Prezident qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan edi.

Shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati ta’sischilari yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan Bobur Bekmurodov yangi rais etib saylangani xabar qilingan edi.

Янгиликлар