Toshkent viloyati IIBB fuqarolarga murojaat yo‘lladi

Viloyat IIBB fuqarolardan karantin davomida o‘rnatilgan cheklovlar va qoidalarga qat’iy amal qilishini so‘rab, murojaat bilan chiqdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Murojaatda viloyat aholisi va mehmonlaridan quyidagilarga amal qilish so‘ralgan:

— o‘ta zarur hollardagina ko‘chaga chiqqanda (dorixona, oziq-ovqat do‘konlari) – shaxsiy himoya niqobida bo‘lish;

— epidemiologik holatni inobatga olgan holda, o‘zaro muloqot chog‘ida 2 metr ijtimoiy masofani saqlash;

— 65 yoshdan oshgan shaxslarning jamoat joylarida, shuningdek, aholining ko‘cha va maydonlarda 3 kishidan ortiq bo‘lib harakatlanmaslik va boshqalar.

Ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish fuqarolarga 4 million 460 ming so‘mdan 6 million 690 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 6 million 690 ming so‘mdan 11 million 150 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, agar epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi xavfini keltirib chiqarsa qonunda belgilangan tatibda chora ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, murojaatda inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar qonun oldida javob berishi ta’kidlangan.

Янгиликлар