Toshkentda 37 yoshli erkak koronavirusdan vafot edi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 69 nafarga yetdi
Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemor o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Piskent tumanida yashovchi 37 yoshli erkak M.M.da 3-iyulda hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan.
Ammo ahvoli og‘irlashavergach, 9-iyulda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Bemorda 12-iyul kuni o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi belgilari boshlangan va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan.
Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 15-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 173 kishiga oshib, 14 466 nafarni tashkil etmoqda.