Uychi tumanida bir kunda 2 ta YTH sodir bo‘ldi

Namangan viloyati Uychi tumanida 3-iyul kuni “Labo” rusumli avtomashina haydovchisi velosipedda harakatlanib ketayotgan fuqaroni urib yubordi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Media.uz

Qayd etilishicha, Yorqo‘rg‘on – Jiydakapa yo‘lining 1,5-kilometrida shu tumanda yashovchi fuqaro “Labo” rusumli avtomashinasida harakatlanib ketayotib, velosipedda yo‘lni kesib o‘tayotgan 18 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda jabrlanuvchi bosh suyagining yopiq sinishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, 3-iyul kuni soat 19:00 da Yangiqo‘rg‘on – Kalishox yo‘lining 28-kilometrida shu tumanda yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro “VAZ-21063” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 1952-yilda tug‘ilgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda piyoda A.T. tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Янгиликлар