Andijon hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat ahlini Qurbon hayiti bilan tabrikladi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Qurbon hayiti munosabati bilan viloyat ahliga tabrik yo‘lladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Qurbon hayiti munosabati bilan andijonliklarni samimiy tabriklagan.
“Assalomu alaykum, aziz va muhtaram yurtdoshlar, hurmatli andijonliklar!
Siz azizlarni, ona yurtimizda, ona zaminimizda yashayotgan barcha mo‘min-musulmonlarni, saxovat va mehr-oqibat ayyomi — muborak Qurbon hayiti bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Qurbon hayitining madaniy-ma’naviy hayotimizda, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlashda ahamiyati beqiyosdir.
Bu qutlug‘ ayyomda barchamiz fayzli va barakali kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Bugungi kunda yurtimizda koronavirus pandemiyasi sabab og‘ir sinovli kunlarni boshdan o‘tkazmoqdamiz. Prezidentimiz boshchiligida ushbu tojdor ofatga qarshi kurashishning samarali tizimi shakllantirilib, kerakli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning hayoti, farzandlarimizning kelajagini, diniy, madaniy-ma’rifiy sohadagi iqbolini ta’minlash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlari dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda.
Ona yurtimizning kelajagi buyuk va yorug‘, xalqimiz hayoti yanada farovon, Prezident rahnamoligida amalga oshirilgan barcha xayrli ishlar bardavom bo‘lishini hamda koronavirus pandemiyasidan xalos bo‘lishimiz uchun unga qarshi chora tadbirlar bilan bir qatorda, virusdan xalos bo‘lish uchun Alloh taolodan so‘rab duolar qilaylik.
Aziz andijonliklar!
Mana shunday saodatli damlarda, ushbu ulug‘ ayyom kunlarida barcha musulmonlarni, samimiy qutlab, ularning oilalariga tinchlik va xotirjamlik hamda farovonlik tilayman.
Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Xonadonlaringizni fayz-u baraka va osoyishtalik tark etmasin!”
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisiga Qurbon hayiti munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham farg‘onaliklarni Qurbon hayiti bilan tabriklagani haqda xabar berilgan edi.