Qonunchilik palatasi deputati 200 va 500 so‘mlik banknotalarni muomaladan chiqarmaslikni taklif qildi

O‘zbekistonda 1-iyuldan 200 va 500 so‘mlik banknotalar muomaladan chiqarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bu holat aholiga noqulaylik tug‘dirayotgani sababli Markaziy bankka banknotalarni muomaladan chiqarmaslik taklifini kiritdi.

Ta’kidlanishicha, aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlarda 200 va 500 so‘mlik banknotalarning savdo va xizmat ko‘rsatishda qabul qilinmayotganligi ularga qiyinchilik tug‘dirayotgani bildirilmoqda. Aholi o‘z e’tirozlarida xizmat yoki mehnat orqali ega bo‘lgan moddiy qiymatga ega mablag‘larining o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabab tufayli moddiy qiymatini yo‘qotganligi va to‘lov sifatida qabul qilinmayotganligidan norozi ekanligini ma’lum qilgan.

“Shu munosabat bilan 1-iyul kuni Markaziy bank mutasaddilari bilan bog‘lanib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1997-yil namunasidagi 200 va 1999-yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotalarni muomaladan tabiiy yo‘l bilan chiqib ketishi uchun uning qonuniy to‘lov vositasi sifatida qo‘yilgan kuchini yo‘qotish muddatini bekor qilish va muomala vaqtini muddatsiz etib belgilash masalasini ko‘rib chiqish haqida taklif kiritildi.

Bu haqida Markaziy bank raisi M.B.Nurmuratovga deputat nomidan tegishli so‘rov xati yubordim.

Umid qilamizki, Markaziy bank ko‘plab saylovchilarni bezovta qilayotgan masalani ijobiy hal etadi”, – deb yozadi deputat.

 

Янгиликлар