AQShning “Project Hope” tashkiloti O‘zbekistonga 600 ming dollarlik insonparvarlik yordamini yubordi

Foto: Dunyo agentligi

AQShning “Project Hope” xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti 30-iyun kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida O‘zbekistonga insonparvarlik yordamini yubordi. Bu haqda Dunyo axborot agentligiga tayanib, Daryo xabar berdi.

“Uzbekistan Airways” AJning maxsus borti orqali umumiy qiymati 600 ming dollarga teng individual himoya vositalari, antiseptik va dezinfeksiyalovchi vositalar, 20 mingga yaqin koronavirusni aniqlovchi testlar, shuningdek, defibrillyator va kardiomonitorlar olib kelingan.

Iyul oyi boshida Amerikaning “Globus Relief” notijorat tashkiloti yana 800 ming dollarlik yukni – 2 mingdan ortiq tibbiy buyumlar o‘rin olgan ikkita konteynerni O‘zbekistonga yuborishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Amerikadagi yana bir nodavlat tashkiloti O‘zbekistonning muhtoj aholisiga oziq-ovqat mahsulotlari – 400 ming dollarlik un, guruch, yog‘, shakar, tuz va go‘sht mahsulotlarini yuborish bo‘yicha loyihani ishga tushirgan.

Barcha mahsulotlar O‘zbekistondagi bozorlar va supermarketlardan xarid qilinadi hamda butun respublika bo‘ylab, xususan, Sardoba tumani aholisiga ham tarqatiladi.

O‘zbekistonga umumiy qiymati 1,8 million dollarga teng insonparvarlik yordamini ko‘rsatish borasidagi kelishuv respublikaning Vashingtonda bir qator Amerika xayriya tashkilotlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari davomida erishilgan.

Avvalroq O‘zbekistondagi BMT vakolatxonasi Sardobaga 30 ming dollarlik insonparvarlik yordami yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Янгиликлар