Samarqandda vaziyat og‘irligi ma’lum qilindi. Viloyatda uch kishi koronavirusdan vafot etgan

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hokimlikda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda koronavirus sabab viloyatda vaziyat yaxshi emasligini ma’lum qilgan.

“Kundan kunga kasallanganlar soni ko‘paymoqda. Ko‘pchilik fuqarolarimiz karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzishga o‘tdi. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Bugun ham (7-iyul kuni nazarda tutilmoqda) bitta o‘lim holati qayd etildi. O‘lim holati viloyatda uchtaga yetdi. Bu yaxshilikdan dalolat bermaydi. Hamma karantin qoidalariga rioya qilishi shart, majbur. Shu holatda davom etsak, Samarqand shahrining qizil hududga o‘tish xavfi katta. Cheklovlar qat’iy bo‘ladi. Biz buni jilovlay olmay qolamiz. Ko‘p narsa o‘limga borib taqaladi. Bugun biz xulosa qilib olishimiz kerak”, — degan viloyat hokimi.

Ma’lum qilishinishicha, viloyatda koronavirusdan kasallanganlar soni bugungi kunda 495 nafarni tashkil qilmoqda. Eng yomon ko‘rsatkich Samarqand shahrida bo‘lib, bu yerda 162 nafar bemor bor. Shulardan 121 nafari sog‘aygan. Pastdarg‘om tumani 29 nafar bemor sabab, “yashil” hududdan “sariq” hududga o‘tkazilgan. Samarqand tumanida esa 44 nafar bemor bo‘lib, 35 nafari sog‘aygan. Shuningdek, Narpay tumanida 11 nafar bemorning 6 nafari, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 14 nafar bemorning 10 nafari, Payariq tumanidagi 37 nafar bemorning 33 nafari sog‘aygan.

Ma’lumot uchun, 2020-yil 8-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 10 838 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 6 811 nafari sog‘aygan. O‘lim holatlari 41 taga teng.

Янгиликлар