Bolalarni bog‘chaga joylashtirish tizimida “imtiyozlilar” kamayadi

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ilgari ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni davlat bog‘chalariga joylashtirishda bir qator imtiyozi mavjud shaxslarning farzandlariga beriladigan imtiyozlar noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Foto: O‘zA

Ta’kidlanishicha, shu sababli Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018-yil 28-martdagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Mazkur loyihada bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida mavjud imtiyozlar qisqartirilmoqda.

Endilikda faqatgina ikki turdagi imtiyozlar – I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari hamda yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qoldirilmoqda.

Shuningdek, faqat bolaning ota-onasi emas, balki yaqin qarindoshlariga ham yo‘llanma olish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim axborot tizimini takomillashtirish va uni Maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti bilan integratsiya qilish orqali bog‘chalardagi tarbiyalanuvchilar va bo‘sh o‘rinlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish, navbatlarni shakllantirish va ularning elektron hisobini olib borish, yo‘llanma va xabarnomalar berish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilgan.

Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayonining aktuallashtirilganligi hamda muassasalardagi bo‘sh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish, bolalarni muassasalarga qabul qilish uchun yo‘llanmalarni rasmiylashtirish maktabgacha ta’lim axborot tizimi tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilganligi sababli tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, qaror loyihasining qabul qilinishi davlat budjeti mablag‘laridan ortiqcha xarajatlarni talab etmasligi ma’lum qilingan.

Янгиликлар