Navoiyda koronavirusga chalingan 55 yoshli erkak vafot etdi

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi 55 yoshli erkak 10-iyul kuni o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 55 yoshli J.O‘ 6-iyul kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan, shu kuni Zarafshon shahridagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi tashxisi qo‘yilgan. U gipertoniya kasalligi, arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi asorati bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

“Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Navoiyda tibbiyot xodimlarida koronavirus aniqlangan, ammo hech qanday chora ko‘rilmagani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda 11564 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bemorlarning 7287 nafari sog‘aygan, 52 nafari vafot etgan.

Янгиликлар