O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 53 nafarga yetdi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 67 yoshli erkak 10-iyul kuni miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 67 yoshli R.A. 3-iyul kuni o‘zini yomon his qilgan, nafas yo‘llarida yallig‘lanish bo‘lgan. 4-iyul kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va shifoxonaga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasiga gumon, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemor shifokorlar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda 11 723 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bemorlarning 7 287 nafari sog‘aygan, 53 nafari vafot etgan.

Янгиликлар