Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan 4 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi

“Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 1-iyuldan 7-iyulgacha bo‘lgan muddatda 2700 nafardan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytgan. Bu haqida Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli fuqarolarni Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda chegarada 3000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘planib qoldi. Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari 8-iyul kuni fuqarolarning Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi texnik va tashkiliy masalalarni hal qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 — 9-iyul kuni “Jibek joli” – “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar fuqarolar o‘tkazildi.

Hozirgi paytda davlatlararo chegarani kesib o‘tishda muammolar yo‘q, nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, fuqarolarning to‘planib qolishi kuzatilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari qaytib kelgandan keyin 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Янгиликлар