Samarqand viloyatida yil boshidan buyon132,7 mln AQSh dollar miqdorida tovarlar eksport qilindi

Samarqand viloyatida ro‘yxatga olingan, muddati o‘tgan, debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 48 ta korxonalar tomonidan jami 11 864 tonna, 9 million 598 ming AQSh dollari qiymatidagi tovarlar eksporti amalga oshirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo’mitasida o‘tkazilgan brifingda ma’lumot berildi.

Bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga 2020-yil 1-oktyabrgacha bo‘lgan davrda moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘xtatilgan.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilning I yarim yilligi davomida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 132,7 million AQSh dollari miqdorida tovarlar eksporti amalga oshirilgan.

Shundan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 71 224 tonna vaznda 50,8 million AQSh dollarini tashkil qilmoqda.

Bundan tashqari, meva-sabzavot, to‘qimachilik, oziq-ovqat, hayvonlar uchun ozuqa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, farmasevtika va tamaki mahsulotlari, kalava ip, tayyor oyoq kiyimlar kabi tovarlar jo‘natilgan.

Tovarlar, asosan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya, Tojikiston, Xitoy, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Turkmaniston va Belarus kabi davlatlarga eksport qilingan.

Ma’lumot uchun, bojxona organlari tomonidan eksport tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi 24 soat davomida o‘tkaziladi. Shuningdek, “yashil” va “sariq” yo‘lak orqali tovarlarni rasmiylashtirishda bojxona ko‘rigi o‘tkazilmasdan, soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Янгиликлар