Olimlar vaqt o‘tishi bilan inson koronavirusni qayta yuqtirishi mumkinligini aniqladi

Nemis olimlari koronavirus bilan kasallangan odamning tanasida paydo bo‘ladigan antitanachalar soni vaqt o‘tishi bilan kamayishini aniqladilar. Bu haqda ZDF Myunxendagi Shvabing yuqumli kasalliklar klinikasining bosh shifokori Klemens Vendtnerga tayanib xabar berdi.

Foto: ZDF

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyida Shvabing klinikasida koronavirusdan davolangan birinchi bemorlarning qon tahlili antitanachalar sonining pasayganini ko‘rsatgan.

“Yuqori darajadagi xavfsizlikka ega bo‘lgan laboratoriyada o‘tkazilgan sinov natijalariga ko‘ra, biz to‘qqizta bemorning to‘rttasida qondagi antitanachalar sonining kamayganini kuzatmoqdamiz”, — dedi Vendtner.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadqiqot natijalari koronavirus bilan kasallangan odam keyinchalik kasallikni qayta yuqtirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq koronavirusga qarshi ijobiy natijalarni ko‘rsatgan yagona antiviral dori JSST tomonidan “Remdesivir” deb nomlangani xabar qilingan edi.