Surxondaryoda ayol kishini urgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida 27-iyun kuni fuqaro X.M. qo‘shni mahallada yashovchi T.N.ni urib, tan jarohati yetkazgan, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.
Ta’kidlanishicha, 27-iyun kuni soat 11:00 da Oltinsoy tumanida yashovchi X.M. “Mirshodi saxovati oziq-ovqat va dehqon” bozorida qo‘shni mahallada yashovchi T.N. ismli ayolning bosh va yuz sohasiga qo‘li bilan urgan. Oqibatda fuqaro X.M. T.N.ga sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati yetkazgan.
Voqea yuzasidan 13-iyul kuni X.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tanishi bilan janjallashib, tan jarohati yetkazgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.