Chirchiq shahar kasalxonasi xodimlari ishdan ketib qolgani haqidagi xabarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida joylashgan Toshkenti viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiy xodimlari shifoxonadan ketib qolgani, muassasa yopilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Toshkent viloyati hokimligi vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yuldasheva viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulovga rasmiy xat bilan murojaat qilib, 11—15-iyul kunlari mazkur shifoxonada dezinfeksiya, deratizatsiya, yuvish va chayish ishlarini olib borishga ruxsat so‘ragan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining roziligi asosida ayni paytda Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, viloyat hokimligi shifoxona tibbiy xodimlarining karantin sharoitidagi mehnat faoliyatini baholashda, ularni rag‘batlantirishda mavjud huquqiy hujjatlarga rioya etilmagani, karantinga olinganlar, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda ishtiroki munosib baholanmayotgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirgan.

“Viloyat moliya bosh boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holatlar bo‘yicha bir necha marta shifoxona xodimlari bilan uchrashgan, qonunchilikka ko‘ra belgilangan me’yorlar tushuntirilgan. Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemorlarni davolash bilan shug‘ullanmagan, karantinga olingan fuqarolarning laboratoriya tahlillarini olish, infeksiya aniqlangan bemorlarni maxsus shifoxonalarga yo‘llanma asosida yuborishda qatnashgan. Bu holatda ular to‘liq siklda — 14 kun davomida bemorlarni davolashda ishtirok etmagani inobatga olinib, moddiy rag‘batlantirish tartibi shu jihatga asosan bevosita bemorlarni davolashda qatnashgan shifokorlar bilan bir xil bo‘lmaydi”, — deyiladi bayonotda.

Ma’lumot o‘rnida, ayni paytga qadar viloyatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ishtirok etayotgan shifokorlarni moddiy rag‘batlantirishga jami 15 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarflangan. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qatnashgan 333 nafar shifokor 14 kunlik faoliyati uchun jami 6 milliard 700 million so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirilgan. 4 829 nafar tibbiyot xodimining oyligiga 6 foiz moddiy rag‘batlantirish ajratilgan.

Янгиликлар