Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun 100 mln dollar miqdorida kredit ajratadi

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 13-iyul, dushanba kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda O‘zbekiston hukumati tomonidan aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilish va pandemiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha joriy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

OTB prezidenti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish hamda jihozlash uchun 100 million dollar miqdorida yangi kreditni ma’qullash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanayotganini ma’lum qilgan.

Kredit 2020-yilning avgust oyi boshida ma’qullanishi kutilmoqda.

Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish uchun birgalikda moliyalashtirish asosida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 100 million dollarlik mablag‘lari jalb etilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekistonda karantin hozir kuchaytirilmasa, dekabrgacha koronavirusga chalinganlar soni 64 mingga yetishi mumkin. Ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi”, — deb ta’kidlagandi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun shu vaqtga qadar qancha mablag‘ sarflangani ma’lum bo‘lgandi.

Янгиликлар