Shuhrat G‘aniyevning suratini fotoshop orqali montaj qilganlarga chora koʻrilishi ma’lum qilindi

Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyevning OAVda eʼlon qilingan tomorqada ketmon ushlab yer chopayotganligi tasvirlangan fotosurat fotoshop orqali montaj qilingani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Kuni kecha Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyevning tomorqada ketmon ushlab yer chopayotganligi tasvirlangan fotosurat hamda shu boʻyicha materiallar barcha OAVda eʼlon qilindi. Shu jumladan, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida ham.

Ammo aqlga sigʻmaydigan qandaydir sabablar tufayli ushbu materialni tayyorlagan xodimlar Shuhrat Gʻaniyev ishtirokidagi suratni fotoshop orqali montaj qilib, orqada bloknot ushlab turgan insonlarni kadrdan olib tashlagan va shu holida eʼlon qilgan”, — deb yozgan u o‘zining Telegram kanalida.

Foto: Telegram / Xushnudbek Xudoyberdiyev

Xushnudbek Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, hozirda OʻzA saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda soxtalashtirilgan surat original rasmga almashtirib qoʻyildi. Bu ishni qilgan xodimlarning xatti-harakatlari esa ertaga tegishli tartibda muhokama qilinib, ularga intizomiy chora koʻrish masalasi koʻrib chiqiladi.

Янгиликлар