Vafot etgan IIV podpolkovnigi va Toshkent shahar IIBB mayorining koronavirusga chalingani ma’lum qilindi
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ikki nafar xodimi 13—14-iyul kunlari vafot etgani xabar qilingandi.
“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor A’loxon Shomahmudov va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nafasov koronavirus oqibatida vafot etgan. Ushbu o‘lim holatlari bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi hali axborot bermagan.
Ma’lumot uchun, mayor Shomahmudov 25-iyun kuni 36 yoshga to‘lgan edi. Podpolkovnik Shavkat Nafasov esa 15-may kuni 48 yoshga to‘lgan edi.
“Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi mayor A’loxon Shomahmudov va podpolkovnik Shavkat Nafasov vafoti munosabati bilan marhumning qarindosh va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deyiladi vazirlik matbuot xizmati e’lon qilgan ta’ziyanomalarda.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni 14 293 nafarga yetgan. Vafot etganlar 68 nafarni tashkil etadi.