Namanganda koronavirusga chalingan 10 nafar bemor sog‘aydi

Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 16-iyul kuni koronavirus infeksiyasiga chalingan 10 nafar bemor butunlay sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytdi. Bu haqda viloyat hokimligi huzuridagi koronavirus profilaktikasi shtabi xabar berdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi huzuridagi koronavirus profilaktikasi shtabi

Ta’kidlanishicha, sog‘aygan bemorlarning 6 nafari erkak, 4 nafari ayol. Ularning 3 nafari Namangan shahridan, 3 nafari Chust shahridan, 3 nafari Chortoq va 1 nafari To‘raqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgan.

Ayni paytga qadar Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 324 nafarga yetdi. Hozirda 138 bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Toshkentda 55 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan. Biroq muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 991 kishiga yetgan. Ayni paytda 8655 nafar fuqaro sog‘aygan, 74 kishi vafot etgan. Hozirda 6263 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.