Samarqandda yanvar—iyun oylarida 4 mingdan ortiq yangi korxona tashkil etildi

Samarqand viloyatida 1-iyul holatiga ko‘ra, 37 019 ta korxona va tashkilot ro‘yxatga olingan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyatida yangi korxona va tashkilotlarning tashkil etilishi (2017—2020-yillar).
Infografika: Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlar bazasiga, asosan, Samarqand viloyati bo‘yicha 37 019 ta korxona va tashkilot (Dehqon va fermer xo‘jaliklarisiz) ro‘yxatga olingan. Shundan 94 foizi, ya’ni 34 790 tasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, qolgan 2229 tasi faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar tasnifiga o‘tkazilgan.

Shuningdek, yanvar—iyun oylari davomida 4049 ta korxona va tashkilot yangi tashkil etilgan. Ularning 2196 tasi mas’uliyati cheklangan jamiyat, 459 tasi xususiy korxona, 1235 tasi oilaviy korxona, 159 tasi boshqa turdagi korxonalardan iborat.

Yangi tashkil etilgan korxona va tashkilotlar hududlar kesimida taqsimlanganda eng katta ulush quyidagilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda:

— Samarqand shahrida 20,8 foizi;

— Kattaqo‘rg‘on tumanida 8,3 foizi;

— Past Darg‘om tumanida 8,0 foizi.

Avvalroq Samarqand viloyatida yil boshidan buyon 132,7 million AQSh dollari miqdorida tovarlar eksport qilingani haqida xabar berilgandi.