Toshkentda 53 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. O‘zbekistonda COVID-19 qurbonlari soni 74 taga yetdi

Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 53 yoshli erkak 16-iyul kuni o‘tkir yurak qon-tomir hamda nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro Sh.A. 6-iyulda holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, hansirash paydo bo‘lgach, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va bemorda COVID-19 tasdiqlangan. Shundan so‘ng  u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlagan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorda, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet 2-turi, semizlik 2-3-darajasi borligi ham qayd etilgan. So‘nggi kunlarda  bemorning ahvoli yomonlashgan, zudlik bilan o‘pka, yurak reanimatsiyasi amalga oshirilgan.  O‘tkazilgan muolajaga qaramasdan, yurak ritmi tiklanmagan va bemor o‘tkir yurak qon-tomir hamda nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda 55 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan. Biroq muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 16-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 991 kishiga yetgan. Ayni paytda 8655 nafar fuqaro sog‘aygan, 74 kishi vafot etgan. Hozirda 6263 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар