Farg‘onada 2 ta qoramolni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida fuqaro T.R.ga qarashli 2 bosh qoramolni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Fuqaro T.R. 4-iyul kuni IIBga murojaat qilib, 3-iyuldan 4-iyulga o‘tar kechasi narxi 10 000 000 so‘mlik 2 bosh qoramoli daladan yashirin ravishda o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni voyaga yetmagan I.I. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Buxoro viloyatida qamishlarni suv havzasidan noqonuniy ravishda o‘rib ketayotgan shaxs viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tuman inspeksiyasi inspektorlari tomonidan to‘xtatib qolingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар