Forbes pandemiya davrida eng ko‘p boylik orttirgan rossiyalik milliarderni aniqladi
Koronavirus pandemiyasi davrida Suleyman Kerimov qolgan rus milliarderlariga qaraganda o‘z boyligini deyarli ikki barobarga oshirdi, deya xabar beradi Forbes.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtdagi yangilangan reytingda jurnal mutaxassislari Kerimovning boyligini 18,8 milliard dollarga baholamoqda.
Aprel oyining boshlarida Forbes tomonidan nashr qilingan milliarderlarning yillik reytingida Kerimov kapitali 10 milliard dollarga baholangan. U ruslar orasida 13-o‘rinni, dunyodagi eng boy ishbilarmonlar orasida esa 135-o‘rinni egallagandi.
Shunday qilib, uch oy ichida uning boyligi 8,8 milliard dollarga oshdi va bu unga eng boy ruslar ro‘yxatida 7-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Kerimov 12 yil ichida birinchi marta rus boylarining o‘ntaligiga kirdi. 2008-yilda u ushbu ro‘yxatda 8-o‘rinni egallagandi.
Forbes reytingi e’lon qilingandan beri uning boyligi boshqa har qanday milliarderlarnikidan ko‘proq o‘sishga erishgan. Masalan, Vladimir Potanin sarmoyasini “atigi” 2,5 milliard dollarga, Vladimir Lisin esa 3,3 milliard dollarga ko’paytirgan. Forbes Rossiyaning boshqa milliarderlari o‘z boyliklarini quyidagicha oshirishganini ma’lum qildi:
- Leonid Mikelson — + 5,2 milliard dollar;
- Gennadiy Timchenko — + 4,8 milliard dollar;
- Vagit Alekperov — + 4,3 milliard dollar;
- Aleksey Mordashov — + 2,3 milliard dollar;
- Andrey Melnichenko — + 2,1 milliard dollar;
- Alisher Usmonov — + 2 milliard dollar;
- Mixail Fridman — + 1,7 milliard dollar;
- Viktor Vekselberg — + 1 milliard dollar;
- Roman Abramovich — + 0,8 milliard dollar;
- Mixail Proxorov — + 0,2 milliard dollar.
Forbes Kerimov boyligining keskin oshishiga sabab qilib uning “Polyus” oltin qazib oluvchi kompaniyasining aksiyalari narxlarining o‘sishini keltirib o‘tgan.
Ammo Bloomberg agentligi ekspertlari milliarderlarning boyligini baholashning turli uslublarini qo‘llagan. Ular 15-iyul holatiga ko’ra, Kerimovning kapitalini “atigi” 6,02 milliard dollarga baholashgan, ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan beri Kerimovning boyligi 951 million dollarga o‘sgan.