O‘zbekiston xususiy klinikalarida koronavirus uchun test topshirish narxi keskin oshib ketganini kim nazorat qilishi ochiqlandi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirus infeksiyasi borasida aholidan tushgan savollarga javob qaytardi.

Ma’lum bo‘lishicha, xususiy klinikalarda narxi dastlab 250 ming so‘mga topshirilayotgan testlar 400 ming so‘mdan oshgan. Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov buni Sog‘liqni saqlash vazirligi litsenziyalash boshqarmasi nazoratga olishini aytdi.

Shuningdek, Nurmat Otabekov aholi testlarning narxini keskin oshirib yuborgan xususiy klinikalarning nomi va manzilini ko‘rsatib murojaat qilsa, uni mutasaddi tashkilotlar orqali surishtirishi ancha oson bo‘lishini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan edi. Shuningdek, u 15-iyul kuni videoselektor yig‘ilishida dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tanqid qilgan edi.

Янгиликлар