Shuhrat G‘aniyev: “Bolaning darsdan bo‘sh paytda ota-onasiga yordamlashayotgani majburiy mehnat emas”

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev 16-iyul kuni Buvayda tumanida kam ta’minlangan oila vakillari va bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, Buvayda tumanida yil boshidan buyon 281 gektar g‘alladan bo‘shagan yer takroriy ekin ekib foydalanish uchun maktab bitiruvchilari, ishsiz yoshlar hamda kam ta’minlangan oilalarga berilgan.

“Bu yer oilaga berilgan. Shuning uchun dars mashg‘uloti yo‘q paytda 7-sinf o‘quvchisi Hojiakbarning ota-onasiga yordamlashayotgani majburiy mehnat emas, balki buning uchun uni rag‘batlantirish lozim”, — deydi viloyat hokimi Yangiqo‘rg‘on—Buvayda yo‘li yoqasidagi dalada ishlayotgan oila vakillari bilan uchrashuv chog‘ida.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, tumandagi “Sunteks.uz” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2019-yil oktabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda korxonada 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Hozirga qadar Rossiya, Tojikiston va Ozarbayjon tadbirkorlari bilan eksport shartnomalari tuzishga erishilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq Farg‘onada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar ishga solinib, 18 ming oila kambag‘allikdan chiqarilishi haqda xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning suratini fotoshop orqali montaj qilganlarga chora koʻrilishini ma’lum qilgandi.

Янгиликлар