Qo‘qondagi xonadondan umumiy qiymati 2 mln so‘mga yaqin buyumlarni o‘g‘irlagan shaxs ushlandi

Qo‘qon shahri Burchilik ko‘chasida yashovchi fuqaro X.V. 9-iyul kuni Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan. Bu haqida Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Murojaatga ko‘ra, 7-iyul kuni noma’lum shaxs X.V.ning xonadoniga noqonuniy ravishda kirgan. Xonadondagi 1 500 000 so‘mlik 1 dona televizor, 150 000 so‘mlik 1 dona DVD pleyer, 100 000 so‘mlik 1 dona tyuner apparati va o‘ramda bo‘lgan narxi 50 000 so‘mlik materiallarni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni voyaga yetmagan B.B. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Farg‘onada 2 ta qoramolni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingani, jami 2 million 150 ming so‘mlik uy-ro‘zg‘or buyumlarini o‘g‘irlagan fuqaro ushlangani, Qo‘qonda avtomobil ehtiyot qismlari do‘konidan qiymati 25 million so‘mdan ortiq buyumlarni o‘g‘irlagan shaxs qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар