So‘xlik abituriyentlarga qaysi oliygohlardan imtiyozli kvota ajratilgani ma’lum bo‘ldi

Farg‘ona viloyatining So‘x tumani yoshlari uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlarining OTMlar kesimida taqsimoti belgilandi.

Unga ko‘ra, jami 500 ta o‘rin quyidagi oliygohlardan so‘xlik abituriyentlar uchun ajratilgan:

Farg‘ona davlat universiteti — 164 ta;
Farg‘ona politexnika universiteti — 42 ta;
Qo‘qon davlat pedagogika instituti — 130 ta;
Namangan davlat universiteti — 7 ta;
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti — 7 ta;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 5 ta;
Toshkent davlat yuridik universiteti — 6 ta;
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — 3 ta;
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti — 6 ta;
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi — 2 ta;
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi — 5 ta;
Toshkent davlat transport universiteti — 4 ta;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti — 12 ta;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali — 20 ta;
Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali — 5 ta;
Toshkent farmatsevtika instituti — 5 ta;
Andijon tibbiyot instituti — 40 ta;
Samarqand tibbiyot instituti — 10 ta;
Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali — 20 ta;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi — 5 ta;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi — 2 ta.

Avvalroq Bosh vazirning So‘xda aholi bilan uchrashuvidan so‘ng so‘xlik yoshlarga qo‘shimcha 500 ta kvota ajratilgan edi. Ushbu imtiyozli kvota faqat yuqoridagi ro‘yxatdagi OTMlarga berildi.

Ma’lum qilinishicha, So‘xda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar birinchi yo‘nalish sifatida ro‘yxatda nomi keltirilgan 21 ta OTMni tanlaganda ular avval o‘zaro imtiyozli kvotada bellashadi, qo‘shimcha kvotaga kira olmaganlar, keyin o‘z bali bilan umumiy tartibda imtihonda qatnashadi.

Imtiyozli kvota faqat birinchi yo‘nalishga nisbatan qo‘llanadi.

Ma’lumot uchun, agar so‘xlik abituriyentlar allaqachon ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgan va ushbu 21 ta OTMlarni tanlamagan bo‘lsa, bugun, 20-iyulda ham DTM saytidagi shaxsiy kabinetiga kirib, “Tahrirlash” bo‘limi orqali tanlagan yo‘nalishlarini qayta o‘zgartirishlari mumkin.

Avvalroq epidemiologik vaziyat yaxshilanmagan hududlarda test topshirish keyinga surilishi mumkinligi xabar qilingandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston OTMlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1,2 milliondan oshgani ma’lum qilindi.

Янгиликлар