“YPX, ‘SES’, Milliy gvardiya xodimlari, qonunga rioya qilishga sizlar ham majbursizlar”. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi taksi haydovchilarining avtomobillari jarima maydoniga kiritilayotganidan haydovchilarning noroziligi aks etgan video bo‘yicha viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.

Kadr: Telegram

Aniqlanishicha, video “Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi taksi haydovchilarining avtomobillari jarima maydoniga olib kirib qo‘yilmoqda. Karantin qonunsizlik degani emas-ku. YPX, Milliy gvardiya, ‘SES’ xodimlari, qonunga rioya qilishga sizlar ham majbursizlar” sarlavhasi bilan tarqalgan.

Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati mazkur xabar va unda keltirilgan holatlar yuzasidan Ichki ishlar boshqarmasi tegishli xizmatlari tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlanganligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, matbuot xabarida ushbu jarayonda Ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari asosli yoki asossiz ekanligi to‘g‘risida xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra matbuotda qo‘shimcha axborot berilishi ta’kidlangan.

Avvalroq Sirdaryoda IIB va Milliy gvardiya xodimi sudyani kaltaklagani, “Shifokorlarga navbatdagi hujum!”ni uyushtirgan fuqarolarga 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Buxoroda karantin tartibiga amal qilmagan 37 nafar yo‘nalishsiz taksi haydovchisiga chora ko‘rilgan.

Янгиликлар