“Farg‘onada vaziyat barqaror” — Shuhrat Gʻaniyev viloyatdagi pandemik holat yuzasidan axborot berdi

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev aholiga murojaat qilib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Gʻaniyevning aytishicha, viloyatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib, shifoxonada davolanayotganlar soni 21 nafar bo‘lib, ulardan 15 nafari Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 6 nafari So‘x tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli og‘ir.

Shu kungacha virus aniqlangan bemorlarning umumiy soni 184 nafar bo‘lib, 171 nafari sog‘aygan, bir kishi vafot etgan.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘onada koronavirus infeksiyasi tahlillarini aniqlovchi 7 ta davlat shifoxonasi va 5 ta xususiy shifoxonadagi laboratoriyalar ishlab turibdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatida 1224 ta dorixona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 229 tasi ijtimoiy dorixonalar va 13 tasi ko‘chma dorixonalardir. Koronavirusga qarshi ishlatiladigan 61 turdagi dori vositalari zaxira qilingan.

Ta’kidlanishicha, viloyatda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining 4300 tonnadan ziyod uch oylik zaxirasi yaratilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga tushgan mablag‘lar hisobidan jami 59 mingta xonadonga bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari yordami berilgan.

“Ayni paytda Farg‘ona viloyatida vaziyat barqaror. Viloyatda koronavirus tarqalishining oldini olish, karantin qoidalariga amal qilish bo‘yicha aholi o‘rtasida tibbiyot xodimlari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari, olimlar va deputatlar tomonidan tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda”, — dedi Shuhrat Gʻaniyev.

Янгиликлар