Iqtisodiyot fanlari doktori, olim Ashur Qodirov vafot etdi

Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston bank sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan yetuk mutaxassis, iqtisodiyot fanlari doktori, olim Ashur Qodirovning vafot etdi, deb xabar berdi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Viloyat hokimligi o‘z axborotida marhumning vafoti sababini keltirmagan.

Ashur Qodirov (1953-yilda Buxoroda tug‘ilgan) 1974-yilda Toshkent Xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomlagan. U Moskva moliya institutida fan nomzodi ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan, doktorlik dissertatsiyasini esa Sankt-Peterburg moliya-iqtisodiyot universitetida professor V.S.Gerashuenko rahbarligi ostida himoya qilgan.

Olim turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Pul muomalasi va kredit hamda Xalqaro valyuta va kredit munosabatlari kafedralarida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, 1996-yildan 2006-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari, 2006—2017-yillarda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisining maslahatchisi lavozimlarida ishlagan va soha ravnaqiga hissa qo‘shgan.

Bundan tashqari, Ashur Qodirov dolzarb iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalar yozgan. Olimning oxirgi ilmiy ishlaridan biri 2019-yilning iyulida olim, akademik Sh.A.Ayupov bilan hammualliflikda chop etilgan “Oila iqtisodini boshqarish orqali raqamli iqtisodiyotga o‘tish” monografiyasi bo‘lgan.

Viloyat hokimligi xabarida marhumning oila-a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Avvalroq “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasining bo‘lim boshlig‘i va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi xodimi, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi va Toshkent shahar IIBB mayori hamda IIV podpolkovnigi koronavirusdan vafot etganligi ma’lum qilingandi.

Янгиликлар