Toshkentlik 42 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 90 taga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan 42 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 42 yoshli erkak S.S.da 17-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan. Bemor o‘ta og‘ir ahvolda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas berish apparatiga o‘tkazilgan.

Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 4-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, qandli diabetning dekompensasiya bosqichi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan. Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 20-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 17 149 nafarga yetdi. Mamlakatda 9 387 nafar fuqarolar sog‘aygan. 7 672 nafar bemor davolanmoqda.

Янгиликлар