Namanganda besh kishini 9 mln so‘mga chuv tushirgan firibgar qo‘lga tushdi

Namanganda fuqarolarning ishonchiga kirib, 9 million so‘mdan ortiq pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va narxi 2 million so‘mdan ortiq uy-ro֥‘zg‘or buyumlarini o‘g‘irlagan shaxs qamoqqa olindi, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi 27 yoshli S.M. 2018-yilning dekabr oyidan 2020-yilning mart oyigacha 5 nafar shaxsning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan ularga jami 9 100 000 so‘m moddiy zarar yetkazgan. Fuqaro S.M. jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020-yilning aprel oyidan iyun oyiga qadar mazkur tumanda yashovchi 3 nafar shaxsning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 2 100 000 so‘mlik mol-mulklarini talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan Kosonsoy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S.M.ga nisbatan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.M. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) va 169-moddasi 3-qismi “a” bandlari (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovda ko‘rib chiqish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Avvalroq Qo‘qondagi xonadondan umumiy qiymati 2 million so‘mga yaqin buyumlarni o‘g‘irlagan shaxs ushlangani va avtomobil ehtiyot qismlari do‘konidan qiymati 25 million so‘mdan ortiq buyumlarni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingani haqida ma’lum qilingan edi.

Shuningdek, Farg‘onada Haj ziyoratiga jo‘nataman deb, fuqaroni 32 million so‘mga chuv tushirgan shaxs va firibgarlik qilib, tergovdan yashiringan fuqaro qo‘lga olingani haqida xabarlar berilgandi.

Янгиликлар