O‘zbekistonda tadbirkorlarga ko‘chma savdo qilish huquqi beriladi

Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshiriladi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab umumiy ovqatlanish korxonalari hokimliklarni xabardor qilgan holda o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tadbirkorlarga hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan soliq organlarini xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtosisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi beriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi o‘zining rasmiy sayti va mobil ilovalar orqali ko‘chma savdoni boshlash to‘g‘risida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni ta’minlashi belgilandi.

Undan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalarida iste’molchilarga ovqatlanish yoki hordiq chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlanadi.

Shu bilan birga, 2021-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelari ishlashi, shuningdek, ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi tasdiqlanadi.

Avvalroq “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingandi.

Shuningdek, hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар