Toshkentda koronavirus aniqlangan 68 yoshli ayol vafot etdi. O‘zbekistonda virus qurbonlari soni 93 taga yetdi

Koronavirusga chalingan Toshkent shahrida yashovchi 68 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan hamda o‘pka shishidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 68 yoshli M.I. (ayol) 2020-yil 25-iyundan 14-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida davolangan.

15-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, sun’iy nafas berish apparatiga ulangan. Bemorga COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi hamda poliorgan yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, infarktdan keyingi kardioskleroz, qandli diabetning og‘ir kechishi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 64 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 92 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 21-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 17 755 nafarni tashkil etgan. Shundan 9463 kishi sog‘aygan bo‘lsa, 8199 nafar bemorga shifokorlar tomonidan davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар