Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga 4 mln dollarlik insonparvarlik yordami yubordi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qiymati 4 million dollardan yuqori va umumiy og‘irligi 85 tonnaga yaqin bo‘lgan insonparvarlik yukini O‘zbekistonga yetkazib berdi. Bu haqida JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi “TezNews”ga xabar berdi.

Foto: JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Ma’lum qilinishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va COVID-19’ga javob berish global jamg‘armasi orqali JSST Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan, umumiy qiymati 4 million AQSh dollaridan yuqori va og‘irligi 85 tonnaga yaqin bo‘lgan insonparvarlik yukini COVID-19 pandemiyasiga javob chora-tadbirlar doirasida JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida O‘zbekistonga yetkazib berdi.

Qayd etilishicha, insonparvarlik yukini jo‘natish ikki bosqichda amalga oshirilgan. Birinchi partiya Toshkentga 8-iyulda yetib kelib, yuz uchun 619 400 ta himoya qalqonchasi va 2 176 000 dona jarrohlik niqobini o‘z ichiga olgan.

Ikkinchi partiya poytaxtga 17-iyulda yetkazib berildi. U shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya ko‘zoynagi (95 200 dona), himoya xalatlari (178 000 dona), jarrohlik niqoblari (12 000 dona), KN95 respirator niqoblaridan (1 064 000 dona) iborat bo‘lgan.

Foto: JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

“Insonparvarlik yuki Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirish uchun mo‘ljallangan. Olingan insonparvarlik yuki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismidir”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun 95 million dollar ajratishi ma’lum qilingan edi. Keyinchalik Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratishi xabar qilindi.

Shuningdek, Quvayt ham tibbiy muassasalarni jihozlash uchun O‘zbekistonga 5,6 million dollar ajratishi ma’lum bo‘lgan edi.