Payariq tumanida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan “SES” xodimlari va markaz karantinga olindi

Samarqand viloyati Payariq tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik (SEO) markazi bir haftalik karantinga olindi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, tuman SEO markazi xodimlari COVID-19 kasalligi bilan og‘rigan bemorlar bilan birlamchi muloqotda bo‘lganligi sababli karantinga olingan. Shu sababli markaz bir hafta mobaynida bakteriologik, parazitologik tahlillar olishning vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Payariq tumani hokimi Dilshod Musinov koronavirus infeksiyasi qayd etilgan paytda Turkiyada xizmat safarida bo‘lgani uchun karantinga olingan. Hokim karantin muddati tugagandan so‘ng o‘z faoliyatini davom ettira boshlagan.

Avvalroq Parkentda karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga jarima tayinlamay, davlatga salkam 400 million so‘mlik zarar yetkazgan “SES” xodimlari aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, Samarqand viloyatida koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 21-iyul holatiga ko‘ra 738 nafarni tashkil etgan. Ulardan 641 nafari sog‘aygan.

Янгиликлар