Yaponiya o‘zbekistonlik magistrantlar uchun grant ajratadi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi vakillarining o‘qishini tashkil etish uchun Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: “Konservatoriya.uz”

Loyiha o‘zbekistonlik talabalarning Yaponiyada o‘qishini tashkil etish uchun berilayotgan Yaponiyaning 291 million yapon iyenasi (2,6 million AQSh dollari) miqdoridagi grantidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Ushbu loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish va o‘qish uchun nomzodlarni tanlab olishga O‘zbekiston tomonidan Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Yaponiya tomonidan – Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston—Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi (UJC) mas’ul qilib belgilangan.

Shuningdek, Hukumat qarori bilan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi Nizom”ning 7-bandiga (Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori) muvofiq mazkur loyiha stipendiatlariga berilgan ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020/2021-o‘quv yilida abituriyentlar eng ko‘p hujjat topshirgan OTMlar e’lon qilingan edi.

Янгиликлар