Shahrixonda kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan 82 mln so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilindi

Andijon viloyati Shahrixon tumanida kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan 82,2 million so‘m budjet mablag‘lari “Yakkatut” mahallasi mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati “Tez News”ga xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Shahrixon tuman bo‘limi tomonidan viloyat Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tumandagi “Yakkatut” mahallasi mansabdor shaxslari tomonidan kam ta’minlangan oilalar toifasiga kirmaydigan 51 nafar fuqarolarga asossiz ravishda moddiy yordam pullari to‘lab berilishi oqibatida 82,2 million so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan mahallaning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlari (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan 159, 3 million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар