Farg‘onada kadastr mutaxassisi pora talab qilgani uchun ishdan bo‘shatildi

“Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi o‘z tizimida tozalash ishlarini boshlab yubordi va Farg‘ona viloyatida mansabini suiiste’mol qilgan 5 nafar rahbar va xodimni ishdan bo‘shatdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, murojaatlarni o‘rganish jarayonida lavozimini suiiste’mol qilib, vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan, bu sohada xalqqa xizmat qilish emas, balki boshqa maqsadda yurgan rahbar va xodimlar yaqqol bilinib qolgan.

Lavozimidan ozod qilingan 5 nafar rahbar va xodim orasida Farg‘onada bino va inshootlarga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 400 AQSh dollari talab qilgan Toshloq tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mutaxassisi, O‘zbek davlat yer tuzish-ilmiy loyihalash instituti “O‘zdavyerloyiha” Farg‘ona filiali muhandisi ham bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, oxirgi 15 kun ichida “Davyergeodezkatadastr” qo‘mitasi tizimidagi 34 nafar rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, qo‘mitada tozalash ishlari boshlangan edi. 13-iyul kuni 7 ta rahbar lavozimini suiiste’mol qilgani, xalqning muammolariga chuqur o‘rganib, yechim topmagani uchun ishdan bo‘shatilgan edi.

Avvalroq “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi tizimdagi 9 nafar rahbarni bo‘shatgani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар