Farg‘onada qoidabuzar haydovchilarga nisbatan qariyb 1,8 mlrd so‘m jarima belgilandi

Farg‘ona viloyatida yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida 43 nafar haydovchining avtomobillariga videoregistratorlar o‘rnatilib, hozirga qadar 6285 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ayni paytgacha qoidabuzar haydovchilarga 1 797 949 500 (bir milliard yetti yuz to‘qson yetti million to‘qqiz yuz qirq to‘qqiz ming besh yuz) so‘m miqdoridagi jarimalar belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 747-sonli qaroriga asosan maxsus dyhxx.ejarima.uz sayti tashkil etilib, fuqarolarning yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni oshirilgan.

“Ushbu tadbir o‘z samarasini berib, yo‘llarda harakatlanish madaniyati oshib borayotganligi sababli viloyatdagi ko‘ngilli haydovchilarga yana 50 dona videoregistrator qurilmalari olib kelinib tarqatilishi rejalashtirilmoqda”, — deyiladi Ichki ishlar boshqarmasi xabarida.

Avvalroq Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida “Damas” va “Matiz” avtomashinalari to‘qnashishi oqibatida bir nafar haydovchi vafot etgani haqda xabar berilgandi. Shuningdek, 20-iyun kuni Uchko‘prik tumanida “Nexia” haydovchisi velosipedchini urib yuborgani sababli Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Янгиликлар