Oltiariqda uyida qimor o‘yini tashkillashtirgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida uyida pul tikib, qimor o‘yini tashkil etgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Oltiariq tumani “Sertut” mahallasida fuqaro A.O. kechki payt o‘zining yashash uyida H.N., Sh.M., X.M. va U.A. bilan karantin qoidalarini buzib, qimor o‘yini tashkil etgan. Soat 20:00 atrofida ular tavakkalchilik asosida pul tikib, qimor o‘ynab o‘tirganida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan ushlangan va huquqbuzarlardan 880 ming so‘m pul hamda bir quti o‘yin kartasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Xonadon egasi A.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi va 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Fuqaro A.O.ning sheriklariga esa holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Avvalroq Payariqda yashash hovlisida 77 tup kannabis o‘simligini yetishtirgan fuqaro aniqlangani, Qo‘qonda sheriklari bilan o‘g‘irlik qilib, qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olingani va Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topilgani haqida xabar berilgandi.