O‘zbekistonda 25—26-iyul kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish to‘liq to‘xtatiladi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etildi.

Unga ko‘ra:

  • Sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatiladi;
  • Mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temiryo‘l qatnovi to‘xtatiladi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarga “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnomalar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 10-iyuldan O‘zbekistonda karantin tartibi keskin kuchaytirildi. To‘ylar va avtomobillar qatnovi cheklandi.

Undan tashqari, Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda hududlardagi vaziyatga qarab karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Keyinchalik Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi.