Shuhrat G‘aniyev Yozyovondagi g‘alladan bo‘shagan yerlarga ko‘chat ekilmagani uchun tuman hokimiga ogohlantirish berdi

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 23-iyul, payshanba kuni Yozyovon tumanida bo‘lib, yoshlar bandligini ta’minlash masalasi bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, tumanda 1450 nafar o‘quvchi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini tamomlagan. Bitiruvchilarning 1295 nafari oliy ta’lim o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan. 143 nafar bitiruvchilarga esa 42 gektar g‘alladan bo‘shagan yerlar takroriy ekin ekib daromad olish uchun bo‘lib berilgan.

Shuhrat G‘aniyev tumandagi “Boqiy” fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini ko‘zdan kechirib, yerga ko‘chat ekilmagani, ekinlarga yetarlicha suv berilmagani uchun tuman hokimi Yo‘lchiboy Boyigitovni tanqid qilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Sizdagi befarqlikka ortiq toqat qilolmaymiz. Bu jiddiy xulosa chiqarish uchun oxirgi ogohlantirish. Xulosa chiqarmasangiz, qonun doirasida keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz”, — deya Boyigitovni ogohlantirgan viloyat hokimi.

Shundan so‘ng Yo‘lchiboy Boyigitov hokimlik jamoasini “Akram Akmal fayz” fermer xo‘jaligi dalasiga olib borgan. Ta’kidlanishicha, Shuhrat G‘aniyev bu dalada 4 oy oldin 11 gektar maydonni 44 nafar yoshga bo‘lib bergan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Tuman hokimi Anvarjon ismli yigitni yoshlar kooperatsiyasi rahbari deb tanishtirib, u o‘ziga tegishli 25 sotix yerga yong‘oq ko‘chatlarini, qator orasiga tarvuz ekkanini aytib o‘tgan. Ma’lum qilinishicha, Anvarjon bilan alohida suhbatda faqatgina qator orasidagi tarvuzlar unga tegishliligi, ko‘chatlar va yer fermerniki ekanligi oydinlashgan.

“Ha, darvoqe, hokim buva, viloyatda koronavirus bilan birinchi kasallangan Yozyovondan chiqqan edi va yagona o‘lim holati ham shu hududda sodir bo‘lgan. Ammo biz odamlar, yoshlar karantin talablariga rioya qilmay gavjum turgani, ayrimlar niqobsiz ekanini ham ko‘rdik. Bu holatga ham siz mas’ul emasmidingiz?” — deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, G‘aniyev 16-iyul kuni Buvayda tumanida kam ta’minlangan oila vakillari va bitiruvchi yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bolaning ota-onasiga yordamlashayotgani majburiy mehnat emasligi, balki buning uchun uni rag‘batlantirish lozimligi haqida aytgandi hamda karamchi Hojiakbar ismli bolani karantin qoidalariga zid ravishda bag‘riga bosgandi.

Avvalroq Shuhrat G‘aniyev Farg‘onada koronavirusga chalingan bemorlar uchun 10 mingga yaqin zaxira o‘rin-joy tayyorlanishini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, zaxira joylar Beshariq, Oltiariq, Farg‘ona tumanlaridagi davlat va xususiy sihatgohlardan ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Янгиликлар